SIZGA

Tunda…
nogoh uyg’onasizmi,
Dilingizga kirgan titroqdan?
Turasizmi og’ir xo’rsinib,
Chiqasizmi asta yotoqdan?

Ochasizmi derazalarni,
Qaraysizmi…
Oyga to’kilib?
Ko’ksingizning ostida nadir
Yashayotgan bo’lar o’kinib.

Yodimga o’tsa xayolingizdan
Tushasizmi siz ham larzaga?
Rozimisiz hayotingizdan
Menga bergan
oniy lahzaga?

Yolg’izlikning girdoblarida
Chorasizlik bo’lganida tosh.
Mening uchun yuragingizdan
To’kasizmi biron tomchi yosh?

Kesib o’tsa nigohingizni
Muhabbatning qovjiroq labi,
Siz ham…
qattiq sog’inasizmi?
Sevasizmi siz ham men kabi?

Chidaysizmi,
jimgina mendek-
Qoningizda yongan olovga?
Yoningizga bir kuni borsam,
Bermaysizmi..
keyin birovga?

Zebo Mirzo

Leave a comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Uskunalar paneliga o'tish